“Yangi-Angren IES” korxonasida yuqori kuchlanishli uskunalar zamonaviy diagnostikadan o‘tkazilmoqda

185

“Yangi-Angren IES” aksiyadorlik jamiyatining 220/500 kVli ochiq taqsimlash qurilmasida joylashgan elektr uskunalari hamda releli himoya panellari teplovizor yordamida monitoringdan o‘tkazilmoqda.

Mazkur jarayon elektr jihozlarining texnik holatini masofadan turib aniqlash, yashirin nuqsonlar va ortiqcha qizish holatlarini erta bosqichda aniqlash hamda avariyaviy vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan. Teplovizor nazorati natijasida kontakt birikmalari, shina va kabel ulanish joylari, kuchlanish ostidagi elementlar hamda releli himoya qurilmalarining ishlash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklar aniqlandi va ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.

Shuningdek, olib borilayotgan profilaktik diagnostika ishlari elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonining uzlyuksizligi va ishonchliligini ta’minlash, uskunalarning xizmat muddatini uzaytirish hamda texnik yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

“Yangi-Angren IES” korxonasida zamonaviy diagnostika usullarini joriy etish orqali energobloklar va yordamchi qurilmalarning barqaror ishlashi ta’minlanmoqda. Korxona mutaxassislari tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli monitoring ishlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, energetika xavfsizligini mustahkamlash va iste’molchilar uchun uzlyuksiz elektr energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan.

“Yangi-Angren IES” AJ Matbuot xizmati