“YANGI ANGREN IES” AJ BOSH DIREKTORI T.S.RAJABOVNING KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH BO‘YICHA MUROJAATI

Korrupsiyaga qarshi kurash-umumiy burchimiz

 

Hurmatli yurtdoshlar, aziz hamkasblar!

Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari har bir sohada shaffoflikni ta’minlashni, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni va albatta, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashishni talab etadi.

Isssqlik elektr stansiyasi - mamlakat energetika tizimining muhim bo‘g‘ini sifatida nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy mas’uliyatni ham o‘z yelkasida ko‘tarib kelmoqda. Shuning uchun biz rahbariyat va butun jamoa faoliyatimiz davomida halollik, shaffoflik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya qilishga bel bog‘laganmiz.

Korrupsiya - bu nafaqat jinoyat, balki jamiyat ishonchini yo‘qotuvchi, taraqqiyotga to‘siq bo‘ladigan jiddiy tahdiddir. U ishonchsizlikni keltirib chiqaradi, adolatni kamsitadi va institutsional salohiyatni zaiflashtiradi.

Shu munosabat bilan, men barcha xodimlarimizga murojaat qilar ekanman, sizlarni quyidagilarga chaqirib qolaman:

Faoliyatingizda har doim qonunga va axloq meyorlariga amal qiling;

Har qanday noqonuniy taklif, tamagirlik yoki manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymang;

Agar korrupsiya alomatlariga duch kelsangiz, bu haqda mas’ul idoralarga yoki ishonchli murojaat kanallarimiz orqali xabar bering;

Jamoaviy nazoratni ta’minlashda faol ishtirok eting va o‘zingiz ham boshqalar uchun namuna bo‘ling.

Hurmatli jamoamiz a’zolari!

Sizlarni ishontirib aytmoqchimanki, “Yangi Angren IES” AJda har qanday korrupsiyaviy holatlarning oldini olish va shaffof ish tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil amalga oshiriladi. Bu borada biz faqat yuqori idoralar nazoratiga emas, balki har bir xodimning faol pozitsiyasiga ham tayanamiz.

Kelajagimiz porloq bo‘lishi, farzandlarimiz halol va adolatli jamiyatda yashashi uchun, korrupsiyaga qarshi kurashish - barchamiz uchun umumiy va muqaddas burchdir!

Korxonadagi qonunbuzarlik va korrupsiya holatlariga duch kelsangiz, 32-541 ichki raqamli “Ishonch telefoni” yoki “Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens xizmati”ning (71) 236-65-41 telefon raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin. Sizning murojaatingiz qonunda belgilangan tartibda shaxsiy nazoratim ostida ko‘rib chiqiladi!