Barqaror rivojlanish sari muhim qadam: “Yangi-Angren IES” AJ “KPMG Audit” kompaniyasi bilan hamkorlikni boshladi

223

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ma’muriy binosida “Yangi-Angren IES” AJda ESG (Environmental, Social, Governance) yo‘nalishida konsalting xizmatlarini joriy etish bo‘yicha o‘tkazilgan tender savdolari yakunlariga ko‘ra g‘olib deb topilgan “KPMG Audit” kompaniyasi bilan hamkorlikni boshlashga bag‘ishlangan start uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda “Yangi-Angren IES” AJ rahbariyati, tegishli tarkibiy bo‘linmalar mutaxassislari hamda “KPMG Audit” kompaniyasi vakillari ishtirok etib, kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari, amalga oshiriladigan ishlar rejasi va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Tomonlar tomonidan ESG tamoyillarini korxona faoliyatiga tizimli joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirish hamda korporativ boshqaruv standartlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, loyiha doirasida xalqaro ilg‘or tajribalarni qo‘llash, amaldagi jarayonlarni tahlil qilish hamda samarali boshqaruv mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Mazkur hamkorlik “Yangi-Angren IES” AJ faoliyatida zamonaviy ESG standartlarini joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarining ochiqligi va samaradorligini oshirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qiladi.

"Yangi-Angren IES" AJ Matbuot xizmati