“Yangi-Angren IES” AJda sayyor qabul o‘tkazildi

402

“Yangi-Angren IES” AJda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Boshqaruvi raisi boshchiligidagi ishchi guruhi hamda korxona rahbariyati ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi. Mazkur tadbir xodimlar bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning muammo va takliflarini joyida o‘rganish hamda yechimlar ishlab chiqish maqsadida o‘tkazildi. Sayyor qabul jarayonida xodimlar mehnat sharoitlarini yaxshilash, ish haqi, ijtimoiy himoya, kadrlar masalalari, xavfsizlik texnikasi hamda ishlab chiqarish jarayonlariga oid murojaat va takliflarini bildirdilar. Har bir murojaat mas’ullar tomonidan atroflicha o‘rganildi, ayrim masalalar yuzasidan joyida tushuntirishlar berildi, qo‘shimcha vaqt talab etiladigan murojaatlar esa belgilangan tartibda ijroga yo‘naltirildi. Tadbir yakunida bildirilgan barcha murojaatlar nazoratga olinishi hamda ularning ijrosi yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilishi qayd etildi. Shuningdek, kelgusida ham bunday sayyor qabullarni muntazam ravishda o‘tkazish rejalashtirilgani ma’lum qilindi.

“Yangi-Angren IES” AJ Matbuot xizmati