Issiqlik avtomatikasi va o‘lchovlar sexida komplayens sohasi bo‘yicha seminar o‘tkazildi

8

«Yangi Angren IES» AJ Komplayens xizmati tomonidan Issiqlik avtomatikasi va o‘lchovlar sexi rahbar va xodimlari ishtirokida «ISO 37301:2021 “Komplayens boshqaruv tizimlari” xalqaro standarti, O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda jamiyatning Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati talablarining amaliyotda qo‘llanilishi» mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi. Seminarda ISO 37301:2021 va ISO 37001 xalqaro standartlarining asosiy talablari, komplayens boshqaruv tizimini joriy etishning ahamiyati, korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda rahbar va xodimlarning mazkur sohadagi huquq va majburiyatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.

Tadbir davomida Issiqlik avtomatikasi va o‘lchovlar sexi faoliyatiga xos bo‘lgan nazorat-o‘lchov asboblari va avtomatika uskunalarini xarid qilish, metrologik tekshiruvlar, avtomatika tizimlarini texnik xizmat ko‘rsatish, elektron komponentlar harakati, pudrat tashkilotlari bilan hamkorlik hamda texnik hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya xavflari muhokama qilinib, ularni barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Seminar yakunida ishtirokchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, qonunchilik va ichki korporativ hujjatlar talablariga qat’iy rioya qilish, komplayens madaniyatini yanada yuksaltirish hamda korxonada ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini mustahkamlashning ahamiyati alohida ta’kidlandi.