“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Faxriylar kengashining 2025-yildagi faoliyati sarhisob qilindi

216

“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ markaziy apparatida Faxriylar kengashining 2025-yilda amalga oshirilgan ishlari hamda kelgusidagi rejalariga bag‘ishlangan navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda elektr stansiyalari va markazlaridan saylangan Faxriylar kengashi a’zolarining hisobotlari tinglandi. Ta’kidlanganidek, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Faxriylar kengashi 2025-yil boshida tashkil etilgan bo‘lib, tizimda mehnat qilgan ustozlar hamda nafaqadagi faxriylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim topish va amaliy ko‘mak berishni asosiy maqsad qilib olgan. O‘tgan davr mobaynida 200 nafardan ortiq faxriylarga turli yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatildi.  Xususan, 100 nafar faxriyga moddiy yordam ajratildi, 50 nafar faxriy salomatligini tiklash maqsadida sihatgohlarda davolanishiga ko‘maklashildi. Shuningdek, 8-mart -Xotin-qizlar kuni, Ramazon va Qurbon hayiti, 9-may - Xotira va qadrlash kuni, Mustaqillik bayrami kabi muhim sanalar munosabati bilan nafaqadagi faxriylar holidan xabar olinib, ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Ishlab chiqarish sohasida faxriylarning boy tajriba va bilimlaridan samarali foydalanish maqsadida 10 ta “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi. Shuningdek, 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan 150 nafar yoshlar ishtirokida “Faxriylar boy tajribasini o‘rganaman” shiori ostida tanlov o‘tkazildi. Yig‘ilishda 2026-yilda amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan asosiy vazifalar belgilab olindi, shuningdek, faoliyat davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

”Yangi-Angren IES” AJ Matbuot xizmati