Rasmiy munosabat!

205

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda “kul yog‘ilayotgani” haqida bildirilgan fikrlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:

2024-yilda hisoblangan 1 mlrd so‘mdan ortiq to‘lov amaldagi tartibga muvofiq, chiqindilarni joylashtirish va atrof-muhitga ta’sir bilan bog‘liq hisob-kitoblar asosida belgilangan.

Mazkur jarayonlar qonunchilikda nazarda tutilgan mexanizmlar asosida amalga oshiriladi va bu ishlab chiqarish faoliyatining ajralmas qismi hisoblanadi.

Videolarda aks etayotgan holatlar issiqlik elektr stansiyalari faoliyatiga xos texnologik jarayonlar bilan bog‘liq.

Oq rangli tashlamalar ko‘p hollarda suv bug‘i va yonish mahsulotlari aralashmasi bo‘lib, ob-havo sharoitiga qarab turlicha ko‘rinishi mumkin.

Mavjud monitoring natijalari va o‘lchov ma’lumotlariga ko‘ra, atmosferaga tashlanmalar belgilangan me’yorlar doirasida nazorat qilinmoqda.

Ta’kidlash joizki, "Yangi-Angren IES" AJ hududiy energiya ta’minotida muhim o‘rin tutadi. Mazkur issiqlik elektr stansiyasi Toshkent viloyatining sharqiy hududlari hamda Farg‘ona vodiysini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi strategik ahamiyatga ega yirik energoobyekt hisoblanadi.

"Yangi-Angren IES" AJ yiliga 5 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 2 milliondan ortiq xonadon uchun uzluksiz elektr ta’minotini ta’minlaydigan strategik ahamiyatga ega manba hisoblanadi.

O‘z navbatida, stansiyada ekologik ta’sirni kamaytirish bo‘yicha quyidagi dolzarb ishlar amalga oshirilmoqda:

- mavjud chang-gaz tozalash uskunalari ta’mirlanib, ularning samaradorligi 95% gacha oshirildi;

- yangi zamonaviy filtrlash texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tarmoq jadvali ishlab chiqildi;

- qozon agregatlarida ta’mirlash jadvali asosida ishlar tashkil qilingan;

- kul va shlak bilan bog‘liq ikkilamchi changlanishni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur ishlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida amalga oshirilmoqda.


"Yangi-Angren IES" AJ Matbuot xizmati