“Yangi-Angren IES” AJ 4-energobloki 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlanmoqda

110

“Yangi-Angren IES” aksiyadorlik jamiyati 4-energoblokida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining barqaror ishlashini ta’minlash, uskunalarning ishonchliligi va samaradorligini oshirish maqsadida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur ta’mirlash ishlari doirasida energoblokning asosiy va yordamchi uskunalarini texnik jihatdan tiklash, ularning ekspluatatsiya davrini uzaytirish hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash ko‘zda tutilgan. Ta’mir davrida qozon agregati issiqlik yuzalaridagi nuqsonli quvurlarni almashtirish, qozon issiqlik qoplamalarini ta’mirlash, qozonga havo so‘rilishini bartaraf etish, gazoxodlarni ta’mirlash ishlari bajarilmoqda. Shuningdek, tutunso‘rg‘ichning oqim qismini tiklash, turbina oqim qismidagi yemirilgan halqali zichlagichlar hamda shpilkalarni almashtirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, energoblok tarkibidagi generator va transformatorlarni ta’mirlash orqali elektr jihozlarining ishonchli ishlashi ta’minlanadi. Ushbu mukammal ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilgach, 4-energoblokning texnik holati sezilarli darajada yaxshilanib, uning ishlab chiqarish quvvati va samaradorligi ortadi. Bu esa iste’molchilarni uzlyuksiz elektr energiyasi bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. “Yangi-Angren IES” AJ tomonidan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, mavjud uskunalarni yangilash va energiya tizimi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha izchil ishlar davom ettirilmoqda.

“Yangi-Angren IES” AJ Matbuot xizmati