O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-fevral kuni yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvida ilgari surilgan tashabbusga muvofiq, vazirlik, idora va tashkilotlarda har payshanba kuni “Yoshlar kuni”ni tashkil etish hamda yoshlarning muammolarini o‘rganish va hal etish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida “Yangi-Angren IES” AJda Bosh direktorining stansiya yoshlari bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv samimiy va ochiq ruhda kechib, unda yosh xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va tashabbuslarini bevosita rahbariyatga yetkazish imkoniga ega bo‘ldilar.

Muloqot davomida yoshlar uchun ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning malakasini oshirish, kasb va xorijiy tillarni o‘rganishiga ko‘maklashish, sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida bildirilgan barcha taklif va muammolarni tizimli o‘rganish hamda ularning yechimi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi belgilandi.

“Yangi-Angren IES” AJda o‘tkazilayotgan bunday ochiq muloqotlar yoshlarning faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda korxona rivojida ularning munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda.
“Yangi-Angren IES” AJ Matbuot xizmati