Faxriylar tajribasi – korxona taraqqiyotining muhim omili

107

“Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyatining Faxriylar kengashi “Yangi-Angren IES” korxonasida 2026-yilning birinchi choragida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazdi.

Tadbir avvalida kengash a’zolari korxonada olib borilayotgan ishlab chiqarish jarayonlari, mavjud texnologik quvvatlar hamda ishchi-xodimlar uchun yaratilgan mehnat va ijtimoiy sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Ishlab chiqarish jarayonlari, amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari to‘g‘risida korxonaning mas’ul xodimlari bilan muloqot o‘tkazdilar.

Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalalar yuzasidan tizimdagi korxonalardan saylangan kengash a’zolarining hisobotlari tinglandi. Unda faxriylarning ko‘p yillik mehnat faoliyati davomida orttirgan boy tajribasi korxona rivoji, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda yosh mutaxassislarni tayyorlash va tarbiyalashda muhim omil ekaniga urg‘u berildi. Shu bois, faxriylarning bilim va tajribasidan samarali foydalanish, ularni muntazam ravishda qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoya qilish, ularning korxona hayotidagi faolligini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yig‘ilish davomida faxriylar tomonidan ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, mehnat samaradorligini oshirish, mehnat intizomini mustahkamlash hamda “ustoz-shogird” an’analarini keng joriy qilish va takomillashtirish yuzasidan qator takliflar va tavsiyalar bildirildi.

Tadbir yakunida faxriylarni e’zozlash, ularning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish hamda korxona taraqqiyotiga xizmat qiluvchi tashabbuslarini izchil amalga oshirish bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.

“Yangi-Angren IES” AJ Matbuot xizmati